Bundan besh yil ilgari bir
turk tanishim bilan suhbat qurganim esimda. Gap kino xususida
ketganida, u allaqanday serial haqida maroq bilan gapira ketdi. Har kuni
namoyish etiladigan yengil-elpi seriallar kinoning ushbu ko‘rinishidan
ixlosimni qaytargani tufayli uning so‘zlariga jiddiy e’tibor qilmagan
esamda, harna qiziqish g‘olib keldi – DVD magazinlardan
surishtira-surishtira axiyri o‘sha serialni topdim. U payti kartina
o‘zbek tiliga tarjima qilinmagani tufayli turk tilida tomosha qilishga
to‘g‘ri keldi. Ammo filmning birinchi qismiyoq shu qadar e’tiborimni
mixlab qo‘ydiki, boshqa barcha ishlarni mutlaqo tashlab qo‘yib,
nigohimni ekranga qaratdim. Oradan ko‘p o‘tmay, butun O’zbekistonda
o‘ziga xos "qashqiromaniya” boshlanib ketdiki, sevimli turk serialining
qahramonlarini tanimaydigan odam qolmadi go‘yo. Po‘lat Alamdarning tug‘ilishi
"Qashqirlar
makoni”ning bosh qahramoni – Po‘lat Alamdar obrazini jonlantirgan Nejati
Shashmazning mashhurlik cho‘qqisiga ko‘tarilish tarixi o‘ziga xos. 6
yil mobaynida AQSh da istiqomat qilgan Nejati oila a’zolarini ko‘rish
uchun Turkiyaga tashrif buyuradi. Lekin u ortiga qaytayotgan kuni –
2001-yilning 11-sentyabrida AQSh da sodir bo‘lgan fojia natijasida
barcha reyslar bekor qilinib, u noma’lum muddatga Turkiyada qolishga
majbur bo‘ladi. Akasi Raji Shashmazning taklifi bilan Turkiyaning eng
mashhur rejissyorlardan biri – Osman Sinavning qo‘lida ishlay boshlaydi.
O’sha paytlardayoq Shashmazlar sulolasi Turkiyada anchayin
nufuzga ega edilar. Nejati Shashmazning amakisi Tohir Shashmaz e’tiborli
siyosatchi bo‘lsa, ukasi Zubeyr Shashmaz yosh va umidli rejissyorlardan
hisoblanardi. Ayni paytda akasi Raji Shashmaz katta siyosat va uning
Turkiyadagi in’ikosi haqidagi serial loyihasi ustida ishlayotgan edi.
Sentyabr voqealari, AQSh ning Iroqqa ekspansiyasi, Turkiya va AQSh
munosabatlarining keskinlashuvi yangi serial syujetiga asos bo‘lib
xizmat qildi. Buni payqash qiyin emas – barcha voqealar aynan Iroq
urushi hamda Turkiyaning Iroqdagi manfaatlari atrofida aylanadi.
Nihoyat,
Raji Shashmaz loyihani Osman Sinavga taqdim etadi. Bu qadar qiziqarli
va jiddiy g‘oyadan hayratga tushgan Sinav serialni shaxsan o‘zi suratga
olishga qaror qiladi. Professional guruh to‘planadi, mashhur aktyorlar
taklif qilinadi, stsenariyga badiiy sayqal berish uchun Turkiyaning
mashhur yozuvchilaridan biri – "Afandi” siyosiy romanining muallifi
So‘ner Yalchin chaqiriladi, filmga musiqa ishlash esa iste’dodli
bastakor Go‘kxan Kirdarga topshiriladi. Shu tariqa Osman Sinav homiyligi
ostida PanaFilm paydo bo‘ladi. Bosh rolga aktyorlik diplomiga ega
bo‘lmagan Nejatining taklif qilinishi jurnalistlarning hayratiga sabab
bo‘ldi. Osman Sinav buni "yangi qiyofa” kashf etmoqchi ekanligi bilan
tushuntirdi. Ancha vaqt bunday mas’uliyatli ishni zimmasiga olishga
jur’at etmagan Nejati nihoyat bir oydan so‘ng Sinavga rozilik beradi.
Suratga olish boshlanadi. 15-yanvar, 2003-yil. Uzoq kutilgan filmning
birinchi qismi Show TV orqali namoyish etiladi. Natija – portlash,
osmono‘par reyting va millionlab muxlislar. "Qashqirlar makoni bolalari”
Jurnalist Yusuf
Solmazning "Qashqirlar makoni” atrofidagi nizolar va janjallarga
bag‘ishlangan kitobi aynan shu nom bilan ataladi.
"Qashqirlar
makoni” nafaqat Turkiyada, balki butun islom olamida o‘ziga xos
siyosiy-madaniy to‘ntarish yasadi. Bir tomondan, musulmon madaniyatining
qudrati va go‘zalligi, shuningdek, turk millatining aqliy va siyosiy
salohiyati, yuksak vatanparvarlik ruhi ko‘rsatib berilgan bo‘lsa, boshqa
tomondan, Sharq odamini qiynaydigan azaliy savollar – G’arbning
ustunligi, islom diskreditatsiyasi, Yaqin Sharqdagi ahvol real
bo‘yoqlarda ochib berilgan, hamda bu bilan qanday kurashish kerakligi
ortiqcha so‘zlarsiz tushuntirilgan – serial vaqtining kattagina qismini
egallagan urush, otishma, qotilliklar va boshqa kriminal sahnalarning
o‘zi yetarli bo‘ldi. Barcha mashhur kinolar muxlislar uchun taqlid
ob’ektini yaratadi. "Qashqirlar makoni” ham bundan mustasno emas – u
adrenalin sevuvchilariga Po‘lat Alamdarni tuhfa etdi.
Sodda
yigit Nejati Shashmaz qoshlarini chimirib olib, doim muhim masalalar
haqida o‘ylaydigan, dushmanlarini beayov jazolaydigan, har qanaqa
vaziyatdan chiqib ketishga usta aqlli va mulohazali qahramonning
soyasida qolib ketdi. Uning o‘zi bu haqda shunday deydi: "Meni faqat
Anqarada va ona shahrim Elazig‘da ismim bilan chaqirishadi,
istanbulliklar uchun allaqachon Po‘latga aylanganman”. Po‘lat Alamdar
nafaqat Turkiyada, Yaqin Sharq mamlakatlarida, MDH hududida va boshqa
joylarda G’arb diskriminatsiyasiga qarshi chiqqan islom
tsivilizatsiyasining ramziga, qizlarning idealidagi erkakka, qiziqqon
yigitlarning esa sevimli "og‘a”siga aylandi.
Jurnalistlar,
siyosatchilar, ijtimoiy-gumanitar soha vakillari serial targ‘ib
etayotgan qurollanish g‘oyasiga qarshi chiqa boshladilar. Serial
tok-shoulardagi muhokamalarning asosiy mavzusiga aylandi. Bilimlar
Universiteti o‘qituvchisi Murat Peker, Anqara Universiteti doktori
Sevilay Chelenk, huquqshunos Yahyo Berman singarilar serial namoyishini
to‘htatishni talab qila boshladilar. Turkiyaning mashhur kishilari ikki
lagerga ajraldi. Bir ko‘ngilsizlik tufayli "aksilqashqirchilar”
g‘alabaga erishdilar.
Voqea kichkina Findikli shaharchasida
bo‘lib o‘tgan. Bir kuni 25 yashar Serxat Karadeniz sud zalidan
chiqayotgan mashhur advokat Jihan Erenning yoniga yaqinlashib, uni otib
tashlaydi. Tergov chog‘ida Karadeniz "Po‘lat og‘aga o‘hshagisi”
kelganini, Findiklidagi eng mashhur odam Jihan Eren bo‘lgani tufayli uni
tanlaganini aytadi. Endi aksilqashqirchilar gazeta va televidenie
orqali Findikli voqealarini ro‘kach qilib, serialni tanqid qila
boshlaydilar. Shu tariqa serial birinchi marta to‘htatiladi.
Ammo
"Qashqirlar makoni” allaqachon xalqning sevimli filmiga aylanib
ulgurgan, barcha rekordlarni yangilab bo‘lgan edi. Xalqning talabi bilan
serialning ikkinchi fasli (21-56-qismlar) boshlandi. Bahs-munozaralar
esa davom etdi. Serial namoyishi yana ikki marta to‘xtatib qo‘yildi,
ammo xalq sevgisiga sazovor bo‘lgan qahramonlar haligacha tirik . Amerikaliklar – yomon bolalar
Qaysi bir
Gollivud filmini ko‘rmang, unda amerikaliklar aqlli va jasoratli
qahramonlar sifatida tasvirlanadi. "Rembo”ni olaylik. Tarixan ma’lumki,
amerikaliklar Vetnamga hujum qilganlar, mahalliy aholi esa o‘zini himoya
qilgan. "Rembo”da esa Vetnamga bostirib kirgan amerikaliklar qahramon,
sho‘rlik vetlar esa "yomon bolalar”.
"Qashqirlar makoni”ning
mantiqiy davomi bo‘lmish "Qashqirlar makoni Iroq” badiiy filmini buning
aksini ko‘ramiz. Biroz noodatiy sahnalar – bir to‘da AQSh askarlari
to‘rt nafar turk qahramoniga qarshi kurashadilar, natijada esa...
qahramonlar g‘alaba qozonadilar.
Filmda amerikaliklar
musulmonlarni odam qatoriga qo‘shmaydigan yovuz va badjahl mahluqlarni
eslatadi. Kinoijodkorlar badiiy to‘qimaga real voqealarni
uyg‘unlashtirib ketishga ham erinishmagan – 2003-yilning 4-iyulidagi
Amerika askarlarining turk maxsus xizmatining boshiga qop kiydirib
so‘roq qilishi, amerikliklarning musulmon to‘yiga bostirib kirib, tinch
aholiga qarata o‘t otishi, Abu Greyb qamoqxonasida asirlarning
buyraklari ajratib olinib, Tel-Avivga jo‘natilishi va hokazo. Go‘zal,
qiziqarli va jonli jangari drama. Film turk kinosi tarixidagi eng
qimmatbaho kartina bo‘ldi – suratga olish jarayonida 10.5 mln dollar
sarflandi. Kartina ijodkorilariga 23 mln dollar foyda keltirdi.
"Qashqirlar
makoni Iroq” Sharq va G’arb to‘qnashuvi mavzusini davom ettiradi.
Filmda islom ustunligi g‘oyasi yanada yorqinroq vositalar bilan ochib
berilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, kartinaning Germaniyadagi
namoyishi chog‘ida, film nihoyasida Po‘lat Alamdar asosiy dushmani – Sem
Marshall (Billi Zeyn) ning ko‘ksiga hanjar sanchganida, butun zal
oyoqqa qalqib "Allohu Akbar!” deb hayqirib yuborgan ekan.
Film
ruhi G’arb siyosatchilarini jiddiy tashvishga solib qo‘ydi. Bavariyaning
bosh vaziri Edmund Shtoyber film namoyishini to‘htatishni talab qilgan
bo‘lsa, NATO qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Jeyms Jons filmning
askarlar ruhiyatiga salbiy ta’sir o‘tkzayotganini ro‘kach qilib,
askarlarga ushbu filmni ko‘rishni ma’n etdi. Ammo, Germaniyadagi turk
jamoasi rahbari Kenan Kolat aytganidek, "filmni qanchalik taqiqlasangiz,
unga bo‘lgan qiziqishni shunchalar orttirasiz”. Qiziqarli faktlar:
Serialning
bosh qahramonlaridan biri – Sulaymon Chaqir rolini ijro etgan aktyor
Oktay Kaynarja shu paytgacha asosan teatr sahnasida faoliyat yuritgani
tufayli xalqqa yaxshi tanish emas edi. Shu bois "Qashqirlar makoni”
muxlislari uni Chaqir sifatida eslab qolishgan. Bir kuni Kaynarjaning
mashinasi bir mashina bilan to‘qnashib ketganida, aktyorni ko‘rgan
mashina haydovchisi orqa-oldiga qaramay qochib ketgan ekan;
Sulaymon Chaqir dushmanlari qo‘lida halok bo‘lganida, serial muxlislari uning xotirasiga chinakam motam tutgan ekanlar;
"Qashqirlar
makoni Tuzoq” qahramonlaridan biri – Muro shu qadar mashhur bo‘lib
ketdiki, Zubeyr Shashmaz tomonidan uning "Qashqirlar makoni”dan keyingi
hayoti haqida komediya ishlandi;
Po‘lat Alamdar obrazini jonlantirgan Nejati Shashmaz aslida nozikta’b inson bo‘lib, she’r yozib turadi;
Ipsos
KMG kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra,
Nejati Shashmaz 2008-yilning eng chiroyli aktyori deb tan olindi. Lekin
uning xabar bilan birga chop etilgan rasmi sifatsizligi bilan
muxlislarni biroz ranjitdi;
O’z intervyularida ko‘p bora orzusi
chinakam sevgi sohibi bo‘lish ekanligini ta’kidlagan Po‘lat Alamdar o‘z
muhabbatini aktrisa Nefise Karatay timsolida topganday edi go‘yo. Uning
iltimosiga ko‘ra aktrisa "Qashqirlar makoni Tuzoq” serialiga Ohu Toros
roliga taklif qilingan bo‘lib, stsenariy bo‘yicha film oxirida Po‘lat va
Ohu turmush qurishlari lozim edi. Ammo Nefise Karatayning xiyonati
haqida xabar topgan Nejati Shashmaz akasi – stsenariy muallifi,
rejissyor va prodyusser Raji Shashmazdan stsenariyni o‘zgartirishni
so‘radi. Natijada Ohu Toros "o‘ldirildi” va serialdan chiqib ketdi.
Po‘latni esa aqlli va go‘zal talaba qiz bilan uchrashtirib qo‘yishdi
Go‘zal so‘zlar
"Qashqirlar
makoni”ning eng diqqatga sazovor tomonlaridan biri – qahramonlarning
xarakteri chiroyli dialoglar va unutilmas suhbatlar vositasida yorqin
ochib berilgan. Serial haqli ravishda turk adabiy tilining
imkoniyatlaridan eng unumli foydalanilgan kartina deb tan olingan.
Filmdagi bunday so‘zlar va hikmatlar "Qashqirlar makoni: go‘zal so‘zlar,
unutilmas dialoglar” kitobida to‘plab nashr qilingan. Quyida ulardan
ayrimlarini keltirib o‘tamiz:
Agar bir kishi seni bir marta aldasa, bu uning aybidir. Agar bir kishi seni ko‘p bora aldasa, bu sening aybingdir.